1 Dovud sanosi. Ey Egam, menga qarshi chiqqanlarga O‘zing qarshi bo‘l. Menga hujum qilganlar bilan O‘zing jang qil.
2 Qalqonu sovutingni ol, Qani, menga yordamga kel.
3 Meni ta’qib qilganlarga qarshi Nayzayu boltangni olgin. “Senga najot beraman”, deb O‘zing menga va’da bergin.
4 Mening jonimga qasd qilganlar Sharmandayu sharmisor bo‘lsin! Menga qarshi fitna qilayotganlar Uyatga qolib, orqaga qaytsin!
5 Xuddi shamolda uchgan somon singari, Ey Egam, Sening farishtang ularni quvsin.
6 Qorong‘u sirpanchiq bo‘lsin ularning yo‘li, Ey Egam, Sening farishtang ularni quvsin.
7 Sababsiz menga tuzoq qo‘ydilar, Meni tutib olib o‘ldirmoq uchun Sababsiz menga chuqur qazidilar.
8 To‘satdan ularning boshiga halokat kelsin, Qo‘ygan tuzog‘iga o‘zlari o‘ralib qolsin, Qazigan chuqurga o‘zlari yiqilib, bitsin.
9 Shunda, ey Egam, Sen tufayli shod bo‘laman, Najot berganing uchun quvonaman.
10 Butun vujudim xitob qiladi: “Senga o‘xshashi yo‘q, ey Egam, Bechorani zo‘ravondan qutqarasan, Faqirni talonchidan qutqarasan.”
11 Yovuz niyatli guvohlar paydo bo‘ladi, Bilmaydigan narsalarimni mendan so‘raydi.
12 Ular yaxshiligimga yomonlik qaytaradi, O‘zimni tamom yolg‘iz his qilaman.
13 Ular xasta bo‘lganlarida esa Men qanor kiyib, ro‘za tutib, qayg‘u chekardim. Boshimni quyi solib, ibodat qilardim.
14 Do‘stim, birodarim, deya tashvish tortardim, Onam uchun aza tutgan kabi yurardim, Qayg‘udan boshimni egib yurardim.
15 Qoqilganimda esa ular shod bo‘ldilar, Menga qarshi yig‘ilishib keldilar, Bexabar ekanman, ular kallakesar ekan, To‘xtovsiz menga bo‘hton qildilar.
16 Shakkoklarday ayovsiz masxara qildilar, Menga qarab tishlarini g‘ijirlatdilar.
17 Ey Egam, qachongacha qarab turasan? Qutqargin meni ularning hujumidan, Xalos qilgin jonimni o‘sha sherlardan!
18 Buyuk jamoa ichra Senga shukr aytaman, Xalq yig‘inlarida Senga hamdlar o‘qiyman.
19 Xoin dushmanlarim ustimdan kulmasinlar, Mendan sababsiz nafrat etganlar Ko‘zlarini o‘ynatmasinlar.
20 Tinchlik so‘zini og‘izga olmas ular, Ammo yurtda tinch yashayotganlar ustidan Yolg‘on so‘zlarni o‘ylab toparlar.
21 Menga qarshi shang‘illab aytarlar ular: “Ah–a, ko‘zlarimiz bilan ko‘rdik qilmishlarini.”
22 O‘zing ko‘rgansan, ey Egam, sukut saqlama! Ey Rabbiy, mendan hech uzoqlashma!
23 Qani, bo‘l, himoya qilgin meni, Men uchun jang qilgin, ey Xudoyim, Rabbim!
24 Sen odilsan, ey Egam Xudo, Shu bois meni oqlagin. Dushmanlarim aslo ustimdan kulmasin.
25 Ular o‘zlariga o‘zlari: “Ah–a, istaganimiz bo‘ldi–ku!” deb aytmasin. “Uni yutib yubordik–ku”, demasin.
26 Kulfatlarimdan zavqlanganlarning hammasi Sharmandayu sharmisor bo‘lsin. Mendan o‘zlarini yuqori qo‘yganlar Sharmandalik, badnomlikka o‘ralsin.
27 Men haq bo‘lib chiqishimni istaganlar Xursand bo‘lsin, sevinch ila kuylasin. Har doim aytaversin ular: “Qulining saodatidan huzurlangan Egamiz tobora yuksalaversin.”
28 Odilliging haqidagi so‘zlaru madhing Kun bo‘yi tilimdan tushmaydi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150