Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 68 Bob

tez o'tish:

1 Ijrochilar rahbariga. “Nilufar” kuyiga aytilgan. Dovud sanosi.

2 Ey Xudo, meni O‘zing qutqar, Suvlar bo‘g‘zimga qadar ko‘mdi.

3 Botqoqqa cho‘kib borayotirman, Oyog‘imni qo‘ygani qattiq yer yo‘q. Chuqur suvlarga botib ketdim, Endi to‘lqinlar meni yutmoqda.

4 Madad so‘rab, sillam quridi, Tomoqlarim qaqrab ketdi, Ey Xudoyim, Seni kutib, ko‘z nurim so‘ndi.

5 Sababsiz mendan nafratlanganlar Boshimdagi sochimdan ham ko‘pdir. Ko‘pchilik sababsiz menga dushmandir, Ular jonimga qasd qilmoqchilar. Men o‘g‘irlamagan narsalarni ular Qaytib ber, deb meni majbur qilmoqdalar.

6 Ey Xudo, aqlsizligimni O‘zing bilasan, Ayblarim Sendan aslo yashirin emas.

7 Ey Sarvari Olam — Rabbiy, Sendan umid qilganlar Men tufayli uyatga qolmasinlar. Ey Isroil xalqining Xudosi, Senga yuz burganlar Men tufayli sharmanda bo‘lmasinlar.

8 Seni deb haqoratga chidadim, Xijolatdan yuzlarim shuvut.

9 Aka–ukalarimga go‘yo begonadayman, Tug‘ishganlarim orasida musofirdayman.

10 Sening uyingga bo‘lgan sevgim ichimni yondirar, Seni haqoratlaganlar meni haqorat qilgan bo‘lar.

11 Faryod qilib, ro‘za tutganimda, Men masxara bo‘ldim.

12 Kulfatda qolib, qanor kiyganimda, Ular ustimdan kuldilar.

13 Shahar darvozasi oldida o‘tirganlar Meni g‘iybat qilarlar, Mast–alastlar men to‘g‘rimda qo‘shiq aytarlar.

14 Men esa, ey Egam, Senga ibodat qilaman. Ma’qul vaqtda, sodiq sevging soyasida, ey Xudo, Ishonchli najoting bilan javob ber menga.

15 Meni qutqargin, botqoqqa botib ketmay, Mendan nafratlanganlardan xalos bo‘lay, Meni chuqur suvlardan saqlagin.

16 To‘fon meni g‘arq qilmasin, Tubsiz suvlar meni yutmasin, Qabr menga og‘zin ochmasin.

17 Javob ber ibodatimga, ey Egam, Naqadar ezgudir sodiq sevging, Buyuk shafqating ila menga yuz burgin.

18 Men, O‘z qulingni jamolingdan bebahra qilma, Kulfatda qolganman, javob ber tezda.

19 Yaqinroq kel, qutqargin meni, Dushmanlarimdan xalos qil meni.

20 Haqoratga duchor bo‘lganim, Sharmandayu sharmisor bo‘lganim O‘zingga ravshan. Hamma dushmanlarimni bilasan.

21 Haqoratlar qalbimni yaralab, Tushkunlikka tushirdi. Bir hamdard izladim, hech kim yo‘q edi, Tasalli beruvchi izladim–u, topmadim.

22 Ovqatimga ular zahar soldilar, Chanqaganimda menga uzum sirkasi berdilar.

23 Dasturxonlari o‘zlariga tuzoq bo‘lsin, Hamtovoqlari uchun qopqon bo‘lsin.

24 Ko‘z nurlari so‘nsin, ko‘rmayin qolsin, Bellari to abad bukchayib qolsin.

25 Ular ustiga g‘azabingni sochgin, Qahring alanga olib, ularni yutib yuborsin.

26 Ularning makoni tashlandiq bo‘lib qolsin, Chodirlarida tirik bir jon qolmasin.

27 Sen urgan insonlarni ular ta’qib qiladi, Sen bergan yara azoblarini ular g‘iybat qiladi.

28 Gunohlari ustiga gunoh qo‘shgin, Ularni Sen oqlamagin.

29 Nomlari hayot kitobidan o‘chirilsin, Solihlar bilan yonma–yon yozilmasin.

30 Men azobda, kulfatda qolganman, Ey Xudo, najoting meni himoya qilsin.

31 Nomini kuylab, Xudoni madh qilaman, Shukr aytib, Uni maqtayman.

32 Buqadan, shoxli, tuyoqli buzoqdan ko‘ra, Hamdlarim Egamni ko‘proq mamnun qiladi.

33 Mazlumlar buni ko‘rib, sevinsin, Xudoga intilayotganlar dadil bo‘lsin.

34 Egamiz muhtojlarni eshitadi, Asir bo‘lgan xalqidan nafratlanmaydi.

35 Osmonu yer Egamizni madh aylasin, Dengizlaru ulardagi jonzotlar madh aylasin.

36 Xudo Quddusga najot beradi, Yahudo shaharlarini qayta tiklaydi, Xalq o‘rnashib, u yerni mulk qiladi.

37 Xudo qullarining avlodi u yerni egallaydi, Xudoni sevganlar u yerni maskan qiladi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150