Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 50 Bob

tez o'tish:

1 Ijrochilar rahbariga.

2 Dovud Botshevaning oldiga kirgandan so‘ng, Natan payg‘ambar uning oldiga kelganda, Dovudning aytgan sanosi.

3 Rahm qilgin menga, ey Xudo, Sodiq sevging, cheksiz shafqating ila Itoatsizligimni olib tashlagin.

4 Yuvib tashla barcha ayblarimni, Poklagin gunohlarimdan.

5 Ha, o‘zimning itoatsizligimni bilaman, Gunohim turar ko‘z o‘ngimda mudom.

6 Senga, yolg‘iz Senga qarshi gunoh qilganman, Sening oldingda qabihliklar qilganman, Shu bois hukm qilganingda Sen barhaqsan, Qoralaganingda doimo to‘g‘ri bo‘lib chiqasan.

7 Mana, gunohkor bo‘lib tug‘ilganman, Onam qornidayoq gunohkor edim.

8 Ha, inson yuragida Sen istaysan haqiqatni, Qalbimning to‘rida o‘rgatgin donolikni.

9 Pokla meni issop o‘ti ila, toza bo‘layin, Yuvgin meni, qordan ham oq bo‘layin.

10 Yana eshitay shodlik, quvonch xabarin, Sen ezgan suyaklarim yana quvonsin.

11 Gunohlarimdan chetga ol ko‘zlaringni, Olib tashla ayblarimni.

12 Ey Xudo, menda toza yurak yaratgin, Ichimda to‘g‘ri ruhni yangilagin.

13 Huzuringdan meni uloqtirib tashlama, Muqaddas Ruhingni mendan olma.

14 Najoting shodligini menga qaytargin, Itoat etishga menda istak uyg‘otgin.

15 Shunda itoatsizlarga Sening yo‘llaringni o‘rgataman, Gunohkorlar qaytib keladilar Senga.

16 Qon to‘kkanim uchun kechir meni, ey Xudo, Najot berganingni sevinch ila kuylar tilim, Ey najotkorim Xudo!

17 Lablarimni ochgin, ey Rabbiy, Og‘zim Seni madh aylasin.

18 Qurbonlikni Sen xohlamaysan, Qurbonlik kuydirganimda ham Sen xush ko‘rmagan bo‘larding.

19 Senga ma’qul qurbonligim ezilgan ruhdir, Ezilgan, tavba qilgan yurakni Sen rad etmaysan, ey Xudo.

20 Lutfu karaming bilan Quddusni yashnatgin, Sion shahri devorlarini qaytadan qurgin.

21 Shunda munosib qurbonliklar keltiriladi, Kuydiriladigan qurbonliklar Seni mamnun qiladi, Qurbongohingda buqalar nazr qilinadi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150