Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 141 Bob

tez o'tish:

1 G‘orda bo‘lgan paytda Dovudning aytgan qasidasi. Ibodat. Ey Egam, Senga qattiq faryod qilaman, Ey Egam, Senga qattiq yolvoraman.

2 Dardlarimni Senga to‘kib solaman, Qayg‘ularimni Sening oldingda aytaman.

3 Ruhim so‘lg‘in bo‘lganda, Yo‘llarimni Sen bilasan. Men yuradigan so‘qmoqlarda G‘animlarim menga tuzoq qo‘yishgan.

4 O‘ng tomonimga qarab ko‘r: Menga e’tibor beradigan biron kimsa yo‘q. Hech qayerga qochib keta olmayman, Men uchun hech kim qayg‘urmas.

5 Senga yolvorib aytaman, ey Egam: “Sen mening panohimsan, Bu dunyodagi xavfsizligim Sensan.”

6 Faryodimga quloq solgin, Axir, oyoq osti bo‘lib ketdim–ku. Meni ta’qib qiluvchilardan qutqar, Ular mendan g‘oyat kuchlidirlar.

7 Meni tutqunlikdan chiqarib olgin, Toki Senga shukrona aytay. Menga ezgulik qilganing uchun Solihlar atrofimni o‘rab oladi.