1 Dovudning hamdu sanosi. Ey Xudoyim, Shohim! Seni ulug‘layman! To abad Sening nomingni olqishlayman!
2 Har kun Seni olqishlayman, Senga to abad hamdu sano aytaman.
3 Egamiz buyukdir, madh etilsin yanada, Aql yetmas Uning buyukligiga.
4 Ey Egam, bir nasl boshqasiga maqtar ishlaringni, Ular e’lon qilar qudratli ishlaringni.
5 Ular shonli dabdabangni, ulug‘vorligingni so‘ylaydilar, Men esa ajoyib mo‘jizalaring haqida o‘ylayman.
6 Odamlar qo‘rqinchli ishlaring qudrati haqida aytadilar, Men esa buyukligingni e’lon qilgayman.
7 Insonlar cheksiz ezguligingni xotirlab, gapiraveradilar. Adolatingni ular sevinch ila kuylaydilar.
8 Egamiz inoyatli, rahmdildir, Jahli tez chiqmaydi, sodiq sevgisi mo‘ldir.
9 Egamiz har kimsaga himmat qilar, Yaratganlarining har biriga shafqat aylar.
10 Ey Egam, jamiki yaratganlaring Senga shukr aytar, Jamiki taqvodorlaring Senga olqishlar kuylar.
11 Saltanating shuhratini ular hikoya qilar, Sening qudrating haqida ular so‘ylab yurar.
12 Hammani qudratli ishlaringdan, Saltanating shuhratiyu dabdabasidan xabardor qilar.
13 Sening saltanating abadiy shohlikdir, Hukmronliging nasllar osha davom etar.
14 Yiqilayotganlarga Egamiz tayanch bo‘ladi, Ikki bukilganlarning qaddini rostlaydi.
15 Ey Egam, hammaning ko‘zi umid bilan Senga tikilar, O‘z paytida ularning rizqini berasan.
16 Sen qo‘lingni ochib, Jamiki jonzotning istagini qondirasan.
17 Egamiz hamma yo‘llarida adolat qilar, Hamma ishlarida sevgisini ko‘rsatar.
18 Egamiz O‘ziga yolvorganlarning yonidadir, Chin dildan yolvorganlarning yonidadir.
19 O‘zidan qo‘rqqanlarning tilagini Egamiz qondirar, Ularning nolasini eshitib, ularga najot berar.
20 Egamiz O‘zini sevguchilarni asraydi, Hamma fosiqlarni qirib tashlaydi.
21 Egamizning hamdu sanosi doimo tilimda bo‘ladi, Jamiki jonzot Uning muqaddas nomini to abad olqishlaydi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150