Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 49 Bob

tez o'tish:

1 Osifning sanosi. Xudolar Xudosi — Egamiz So‘ylar, da’vat qilar yer yuziga Sharqdan g‘arbga qadar.

2 Xudo O‘z nurini sochar Quddusdan — Go‘zallikda komil shahardan.

3 Xudoyimiz kelar, sukut saqlamas, Uning oldida alanga yamlab yuborar, Atrofida bo‘ron g‘azabdan quturar.

4 O‘z xalqini hukm etmoq uchun Yeru osmonni guvoh qilib chaqirar:

5 “Yig‘ib keling Mening taqvodor xalqimni, Qurbonlik orqali Men bilan ahd qilganlarni!”

6 Samolar e’lon qilar Xudoning odilligini, Hakam Xudoning O‘zidir.

7 Xudo aytar: “Eshit, ey xalqim, Men so‘zlayman, Ey Isroil, senga qarshi guvohlik beraman, Men Xudoman, sening Xudoyingman.

8 Keltirgan qurbonliklaring doimo oldimda. Kuydirilgan qurbonliklaringdan shikoyat qilmayman.

9 Og‘ilingdagi buqangga muhtoj emasman, Suruvingdagi echkingga ham zor emasman.

10 Menikidir o‘rmondagi jamiki hayvon, Minglab qirlardagi molu qo‘ylar.

11 Menikidir jamiki tog‘dagi qushlar, Menikidir daladagi barcha jonivorlar.

12 Och qolsam ham, so‘ramasdim sizlardan, Menikidir olam, undagi hamma narsa.

13 Men buqa go‘shtini yeymanmi?! Yoki echki qonini ichamanmi?!

14 Men, Xudoga, shukrona qurbonligi qil, Men, Xudoyi Taologa, ontingni ado qil.

15 Og‘ir kunda Menga iltijo qilgin, Senga najot beraman, Sen esa Menga maqtov aytasan.”

16 Fosiqqa esa Xudo shunday deydi: “Ne haqing bor qonunlarimni tilga olmoqqa?! Ne haqing bor ahdimni og‘zingga olmoqqa?!

17 Nafrat ila qaraysan–ku yo‘l–yo‘riqlarimga, Otib tashlaysan–ku kalomlarimni orqangga!

18 O‘g‘rini ko‘rganingda, do‘stlashasan u bilan, Sherik bo‘lib olasan zinokorlar bilan.

19 Og‘zing yomon so‘zlar uchun doim tayyordir, Tilingning to‘qigani faqat yolg‘ondir.

20 O‘tirib, birodaringga qarshi so‘ylaysan, Tug‘ishganingga ham tuhmat qilasan.

21 Shu ishlarni qilganingda, sukut saqlardim, Meni ham o‘zingga o‘xshagan, deb o‘ylading. Endi–chi, aybingni bo‘yningga qo‘yib, Seni hukm qilaman.

22 Ey Meni unutganlar, bilib qo‘ying, Yo‘qsa sizlarni parcha–parcha qilaman, Bironta najot berguvchi topilmaydi.

23 Menga shukrona qurbonligi keltirganlar Meni izzat qilgan bo‘ladi. Men O‘z najotimni To‘g‘ri yo‘ldan yurganlarga ko‘rsataman.”

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150