Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 110 Bob

tez o'tish:

1 Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! To‘g‘ri insonlar jamoasida bo‘lganimda, Butun qalbimdan Egamga shukr aytaman.

2 Egamizning ishlari buyukdir, Ulardan lazzat oluvchilar ular haqda fikr yuritadilar.

3 Egamizning ishlari muhtasham, haybatlidir, Uning adolati to abad davom etadi.

4 Egamiz unutilmas ajoyibotlarni yaratdi, U rahmdil va shafqatlidir.

5 O‘zidan qo‘rqqanlarga rizq–ro‘zini beradi, O‘z ahdini doimo yodida tutadi.

6 Xalqiga qudratli ishlarini ko‘rsatdi, Boshqa xalqlar yerini ularga berdi.

7 Hamma ishlarida sodiq, adolatlidir, Uning hamma amrlari ishonchlidir.

8 Ularning hammasi to abad mustahkam turadi, Egamiz ularni sadoqat, to‘g‘rilik ila ijro qildi.

9 U xalqini qutqardi, To abad ahdi bilan ularni O‘ziga bog‘ladi. Uning nomi muqaddas, qo‘rqinchlidir.

10 Egamizdan qo‘rqish donolikning boshidir, Bunday yo‘l tutganlarning aqli rasodir, Uning hamdu sanolari to abad davom etadi.