Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 97 Bob

tez o'tish:

1 Sano. Yangi bir qo‘shiq ayting Egamizga! Axir, U ajoyib ishlar qildi. O‘zining o‘ng qo‘li, muqaddas bilagi bilan zafar qozondi.

2 Egamiz zafarining dong‘ini taratdi, Xalqlarga najotini namoyon qildi.

3 Isroil xalqiga bo‘lgan sevgisiyu sadoqatini yodida tutdi. Yerning to‘rt tomoni Egamiz bergan najotni ko‘rdi.

4 Ey zamin ahli, Egamizni olqishlab, xitob qiling, Sevinchli kuy–qo‘shiqlar ila Unga xitob qiling.

5 Lira chalib, Egamizga hamdu sano kuylang, Lira chalib, qo‘shiqlar ayting.

6 Karnayu burg‘ularni chaling, Shohni — Egamizni olqishlab, xitob qiling.

7 Jo‘sh ursin dengizu undagi hamma jonzot, Jo‘sh ursin olamu unda yashovchi hamma maxluqot.

8 Egamiz oldida daryolar qarsak chalsin, Qirlar birga shodlanib qo‘shiq aytsin.

9 Zotan Egamiz yerda hukm etgani kelmoqda, U olamni to‘g‘ri hukm etadi, Adolat ila xalqlarni hukm qiladi.