1 Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Dovud qasidasi.
2 Ibodatimga quloq sol, ey Xudo, Iltijoimni e’tiborsiz qoldirma.
3 Eshit meni, javob ber,
4 Dushmanlarim dag‘dag‘asi, fosiqlarning siquvi Boshimga g‘am–kulfat keltiradi. Ular g‘azablanib, mendan nafratlanadi. Eh, o‘ylarim qiynar meni, Boshimdan uchgan aqlim.
5 Yuragim hasratga to‘ladir, O‘lim vahimasi meni bosib keladir.
6 Qo‘rquv, titroq menga kelmoqda, Dahshat meni ezib bormoqda.
7 “Qaniydi kaptar kabi qanotim bo‘lsa”, dedim, “Uchib ketib, orom olgan bo‘lardim.
8 Haqiqatan, uzoqlarga uchib qutulardim, Sahroda makon qilgan bo‘lardim.
9 Quturgan shamolu bo‘rondan qochib, O‘zimga boshpana topgani shoshilgan bo‘lardim.”
10 Ey Rabbiy, ularni chalg‘it, Ularning gaplarini chalkashtir. Shaharda zo‘ravonlik, janjalni ko‘rib turibman.
11 Ular kecha–kunduz shahar devori ustida izg‘iydi, Yovuzlik, vahima shahar ichida yuz bermoqda.
12 Shaharning o‘rtasida buzg‘unchilik, Ko‘chalaridan zulm va hiyla arimaydi.
13 G‘animlarim meni haqorat qilganda edi, Bunga bardoshim yetgan bo‘lardi. Dushmanim o‘zini mendan yuqori qo‘yganda edi, Undan yashiringan bo‘lardim.
14 Ammo u mening tengim–ku, Yaqin do‘stim hamda hamrohim–ku.
15 U bilan dilkash do‘st edik, Ey Xudo, Sening uyingdagi yig‘inda birga yurardik.
16 Uylari, yuraklari fosiqlikka to‘la bo‘lgani uchun G‘animlarim o‘limga ro‘baro‘ bo‘lsin, Tiriklayin o‘liklar diyoriga tushsin.
17 Men iltijo qilaman Xudoga, Najot beradi Egam menga.
18 Oqshom, sahar hamda kunduz Dardu fig‘onlarimni aytaman. Egam mening ovozimni eshitadi.
19 Garchi menga qarshilar ko‘p bo‘lsa ham, Birorta ham zarar yetkazmay Meni janglardan qutqaradi.
20 Azaldan taxtda o‘tirgan Xudo Menga quloq tutib, Yo‘llarini o‘zgartirmagani uchun, Xudodan qo‘rqmaganlari uchun Dushmanlarimni mag‘lub qiladi.
21 Hamrohim o‘z do‘stiga qarshi qo‘lini ko‘tardi, Men bilan qilgan ahdiga u xiyonat qildi.
22 Uning og‘zidan bol tomadi, Yuragi esa adovatga to‘la. So‘zlari moydan ham yoqimli, Aslida qindan chiqqan qilichdaydir.
23 Tashvishlaringni Egamizga topshirgin, U senga tayanch bo‘ladi. Egamiz hech qachon solihning yiqilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
24 Ey Xudo, fosiqlarni Sen O‘liklar diyoriga uloqtirasan. Qonxo‘r, xoin kimsalar aslo Umrining yarmisini ham yashamaydi. Men esa Senga umid bog‘layman.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150