Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 4 Bob

tez o'tish:

1 Ijrochilar rahbariga. Torli asboblar jo‘rligida. Dovud sanosi.

2 Ey mening odil Xudoyim! Iltijo qilganimda javob ber! Kulfatda qolganimda meni ozod qilding. Menga shafqat qilib, ibodatimni eshit.

3 Ey insonlar, qachongacha sha’nimni yerga urasiz?! Qachongacha puch so‘zlarga ko‘ngil bog‘laysiz?! Qachongacha yolg‘onlarni izlab yurasiz?!

4 Unutmangki, Egamiz O‘zi uchun tanlaydi taqvodorni, Iltijo qilganimda, Egamiz eshitadi meni.

5 Hatto g‘azablanganingizda ham gunoh qilmang, Tunda yotganingizda o‘ylang, sukut saqlang.

6 Munosib qurbonliklar keltiring, Umidingizni Egamizga bog‘lang.

7 Ey Egam, odamlar shunday deb aytadi: “Yaxshi zamonlarni kim bizga ko‘rsatadi?” Ey Egam, jamoling bizga nurlarini sochsin!

8 Donu maylari mo‘l bo‘lganlar quvonadi, Sen yuragimga undan ham ko‘proq shodlik berding.

9 Yotganimda xotirjam uxlayman, Ey Egam, yolg‘iz Sen meni omon saqlaysan.