Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 41 Bob

tez o'tish:

1 Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining qasidasi.

2 Kiyik harsillab talpinganday suv irmoqlariga, Ey Xudo, jonim ham Senga talpinadi!

3 Jonim tashna Xudoga, barhayot Xudoga, Qachon borib, Uning huzurida hozir bo‘laman?

4 Ozig‘imdir kechayu kunduz ko‘z yoshlarim, “Qani Xudoying?” deya masxara qilar odamlar doim.

5 Shodlik hayqiriqlariyu hamdu sanolar ostida Jamoa bilan birga Xudoning uyiga borardim. Bayram nishonlagani olomon bilan borardim. Shularni eslab, yuragim pora–pora bo‘lmoqda.

6 Nega tushkunlikka tushasan, ey jonim? Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Xudoga umid bog‘la! Shukr etaman Yana Unga — najotkorim,

7 Xudoyimga. Tushkunlikka tushib ketganman. Shu bois, ey Xudo, Seni Iordan diyoridan, Xermon tizmasidan, Mizor tog‘idan turib eslayman.

8 O‘kirayotgan dengizlarday, Guvullayotgan sharsharalarday Sen yuborgan qayg‘u to‘lqinlari O‘tgandilar ustimdan bosib.

9 Kunduzi Egam sodiq sevgisini ko‘rsatadi, Tunlari U menga qo‘shiq beradi, Menga umr bergan Xudoga ibodat qilaman.

10 Xudoga, suyangan Qoyamga aytaman: “Nega meni unutib qo‘yding Sen?! Ne uchun g‘amga botib yurmog‘im kerak Dushmanlarim siquvi sababidan?!”

11 Dushmanlarim haqoratidan suyaklarim zirqiraydi, Ular muttasil mendan: “Qani Xudoying?!” deya so‘raydi.

12 Nega tushkunlikka tushasan, ey jonim? Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Xudoga umid bog‘la! Shukr etaman Yana Unga — najotkorim, Xudoyimga.