Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 84 Bob

tez o'tish:

1 Ijrochilar rahbariga. Ko‘rax naslining sanosi.

2 Ey Egam, O‘z yurtingga marhamat ko‘rsatgansan, Yoqub naslini yana farovonlikka erishtirgansan.

3 Xalqingning ayblarini unutgansan, Ularning gunohlarini kechirgansan.

4 Butun g‘azabingni jilovlading, Qahrli g‘azabingdan qaytding.

5 Ey najotkorimiz Xudo, Oldingi holimizga bizni qaytargin, Bizga qarshi bo‘lgan g‘azabingni to‘xtatgin.

6 Sen bizdan to abad g‘azablanasanmi? G‘azabingni nasllar osha cho‘zaverasanmi?

7 Xalqim Menda sevinch topsin, deya Bizga yana yangi hayot baxsh etmaysanmi?

8 Ey Egam, bizga sodiq sevgingni ko‘rsat, Bizga najotingni ato qil.

9 Parvardigor Egamiz aytayotganiga quloq solaman, U O‘z xalqiga, O‘z taqvodorlariga tinchlik va’da qilayotir, Endi ular bema’ni yo‘llariga qaytmasin.

10 Shubhasiz, Egamizdan qo‘rqqanlarga Uning O‘zi najot berishga tayyor turadi, Bizning yerimizda Uning ulug‘vorligi makon topadi

11 Sodiq sevgi va haqiqat uchrashadi, Adolat, tinchlik bir–biri ila o‘pishadi.

12 Haqiqat zamindan o‘sib chiqadi, Adolat samodan turib boqadi.

13 Egamiz chindan ne’matin yog‘diradi, Yerimiz o‘z hosilini beradi.

14 Adolat Egamizning oldida yuradi, Uning qadamlari uchun yo‘l tayyorlaydi.