Zabur | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zabur 111 Bob

tez o'tish:

1 Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! Baxtlidir Egamizdan qo‘rqadigan odam, Uning amrlarini bajarib zavq oladigan odam!

2 Bunday odamning avlodi yurtda qudratli bo‘ladi, To‘g‘ri odamning nasli baraka topadi.

3 Uning uyida mo‘lchilik, boylik bo‘ladi, Uning solihligi to abad davom etadi.

4 Hatto zulmatda ham to‘g‘ri insonga nur yog‘iladi, U rahmdil, mehribon va solihdir.

5 Yaxshi odam saxiy, qarz beradi, Adolat bilan ish yuritadi.

6 Solih hech qachon tebranmaydi, U to abad unutilmaydi.

7 U yomon xabardan qo‘rqmaydi, Butun yurakdan Egamizga umid bog‘laydi.

8 Yuragi barqarordir, qo‘rquv nimaligini bilmaydi, Oxiri dushmanlari mag‘lubiyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

9 Boyligini muhtojlarga saxiylik ila taqsimlaydi, Uning solihligi to abad davom etadi. U qudratli, hurmatli bo‘ladi.

10 Fosiqlar buni ko‘rib, g‘azabga minadi, Tishlarini g‘ichirlatib, shalvirab qoladi, Fosiqlarning istagi puchga chiqadi.