1 Ijrochilar rahbari Yodutunga. Osifning sanosi.
2 Faryod qilib, Xudoga yolvoraman, Eshitgin meni, deb Xudoga hayqiraman.
3 Qayg‘uli kunimda Rabbiyga intildim, Tunda qo‘llarimni ko‘tarib iltijo qildim, Jonim tasalli topishni rad etdi.
4 Ey Xudo, Seni o‘ylaganimda, Fig‘on chekaman, ruhim zaiflashadi.
5 Tun bo‘yi Sen meni bedor qilding, Tilim kalimaga kelmas ruhan azoblanganimdan.
6 Oldingi kunlar haqida o‘ylab yurdim, Eski davrlarni eslab yurdim.
7 Tun bo‘yi o‘zim bilan o‘zim suhbat qurdim, Qalbim xayolga berilib, ruhim so‘rab– surishtirdi:
8 “Rabbiy to abad bizni rad etarmikan? Hech qachon shafqat ko‘rsatmasmikan?
9 Uning sodiq sevgisi to abad yo‘qolganmi? Uning va’dalari bir umrga tamom bo‘lganmi?
10 Xudo shafqatli bo‘lishni unutib qo‘ydimi? Rahmdillik o‘rnini g‘azab egalladimi?”
11 O‘zimga o‘zim dedim: “Xudoyi Taolo o‘ng qo‘li orqali Endi bizga yordam bermayapti. Bu mening kulfatimdir.”
12 Ey Egam, ishlaringni men yodga olaman, Azaliy mo‘jizalaringni esga olaman.
13 Hamma ishlaringni xayolimdan o‘tkazaman, Qudratli ishlaring haqida fikr yuritaman.
14 Sening yo‘ling, ey Xudo, muqaddasdir, Qaysi Xudo Senday buyukdir?!
15 Mo‘jizalar yaratuvchi Xudo Sensan, Xalqlar orasida qudratingni ko‘rsatgan Sensan.
16 Qudrating bilan o‘z xalqingni, Yoqub hamda Yusuf nasllarini qutqargansan.
17 Ey Xudo, suvlar Seni ko‘rganda, Ha, suvlar seni ko‘rganda, qo‘rqib ketdilar, Tubsiz dengizlar larzaga keldi!
18 Bulutlar yomg‘irin quydi, Samolar gumburlab yangradi, O‘qlaring har tomonda Yalt etib paydo bo‘ldi.
19 Gumbur–gumbur eshitildi quyun ichida, Chaqmoqlaring olamni yoritdi, Zamin titrab, tebrandi.
20 Yo‘ling dengiz orqali o‘tdi, So‘qmog‘ing bahaybat suvlardan o‘tdi, Izlaring esa ko‘rinmas edi.
21 Xalqingni qo‘y suruviday yetaklab bording, Muso, Horunni rahnamo qilib tanlading.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 129 130 131 132 133 134 135 136 137 138 139 140 141 142 143 144 145 146 147 148 149 150